SIYOSATLAR

Ta’minotchilar uchun xulq-atvor va axloq kodeksi

QNETda biz to‘rtta asosiy qadriyatga amal qilamiz: Yetakchilik, Barqarorlik, Xizmat va Halollik. Ularning har biri bizning global faoliyatimizni amalga oshirish uchun muhim, ammo aynan Halollik qadriyati kompaniya madaniyatida alohida o‘rin egallaydi va murakkab, dinamik dunyoda barqarorlikni saqlashga yordam beradi. Halollik deganda biz eng yuqori etik standartlarga rioya qilish va har doim to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlikni tushunamiz. Ushbu tamoyilga amal qilgan holda, biz faqat turli mamlakatlardagi mustaqil distribyutorlarimiz va mijozlarimiz oldida emas, balki hamkasblarimiz va o‘zimiz oldimizda ham javobgarlikni o‘z zimmamizga olamiz.

QNET o‘z ishida ushbu qadriyatlarga qat’iy rioya qiladi va faqat ahloqiy me’yorlar va biznes yuritish standartlariga sodiqligimizni tushunadigan ishbilarmon hamkorlar bilan hamkorlik qilishga intiladi.

Ushbu majburiyatni tasdiqlash maqsadida Ta’minotchilar uchun Xulq-atvor va axloq kodeksi (keyingi o‘rinlarda – «Kodeks») ishlab chiqilgan. Ushbu Kodeks QNET, uning shoʻ’ba korxonalari, hamkorlari yoki filiallari uchun mahsulot ishlab chiqaradigan va/yoki xizmatlar taqdim etadigan barcha kompaniyalarga, ularning zavodlariga, ishlab chiqaruvchilarga, ta’minotchilarga yoki agentlarga (keyingi o‘rinlarda «Ta’minotchilar») nisbatan tatbiq etiladi.

Ta’minotchilar turli mamlakatlarda, turli yurisdiksiyalarda va madaniy muhitlarda faoliyat yuritishini QNET tushunadi. Shunga qaramay, ushbu Xulq-atvor kodeksi QNET va butun dunyo bo‘ylab barcha Ta’minotchilar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan minimal talablarni belgilaydi.

Shu bilan birga, QNET Ta’minotchilarga ushbu talablarni ortigʻi bilan bajarishni, engyaxshi amaliyotlarni joriy etishni va doimiy ravishda o‘z faoliyatini takomillashtirishni qat’iy tavsiya qiladi.

1. Qonunlar va me’yoriy hujjatlar:

Vaziyatlardan qat’iy nazar, Ta’minotchilar faoliyatlarini o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlarning barcha majburiy qonunlari va qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda olib borishlari shart.

2. Bolalar mehnati

Ta’minotchilar quyidagi xodimlarni ishga jalb qilmasliklari kerak: (i) 15 yoshdan kichik, yoki agar mahalliy qonunchilik tomonidan ruxsat etilgan boʻlsa va Xalqaro Mehnat Tashkilotining tavsiyalariga muvofiq bo‘lsa, 14 yoshdan kichik boʻlganlar; (ii) majburiy maktab ta’limini tugatish yoshidan kichik boʻlganlar; yoki (iii) faoliyat olib borilayotgan mamlakat qonunchiligi belgilagan ishga qabul qilishning minimal yoshidan kichik boʻlganlar (qaysi yosh yuqori ekanligiga qarab). Bundan tashqari, Ta’minotchilar yosh xodimlarga nisbatan barcha qonuniy talablarni, jumladan ish vaqti, mehnat haqi va ish sharoitlari bo‘yicha me’yorlarga to‘liq rioya qilishlari shart.

3. Majburiy mehnat:

Ta’minotchilarga majburiy mehnatdan foydalanish taqiqlanadi – bu mahbuslar mehnati, qarz evaziga ishlash, qullik yoki boshqa har qanday majburiy mehnat shakllarini o‘z ichiga oladi. Odam savdosida qatnashish yoki bunday harakatlarni qo‘llab-quvvatlash ham qat’iyan man etiladi. Majburiy ortiqcha ish vaqtiga ham ruxsat berilmaydi.

4. Bandlik va mehnat sharoitlari

Ta’minotchilar ish haqi va ijtimoiy imtiyozlar bo‘yicha mahalliy qonunchilik qoidalariga rioya qilishlari shart. Agar ushbu masala bo‘yicha tarmoq standartlari ustun bo‘lsa, QNET ularga rioya qilishni talab qiladi. Qisman ish vaqti asosida ishga olish, pastroq maosh to‘lash yoki imtiyozlarni kamaytirish uchun qisqa muddatli yoki mavsumiy shartnomalarni tuzish taqiqlanadi. Barcha xodimlarga tushunarli, yozma va qonuniy majburiy mehnat shartnomasi berilishi kerak. Ish haftasi 48 soatdan oshmasligi kerak. Xodimlar haftasiga kamida bir kun dam olish huquqiga ega. Qo‘shimcha ish vaqtiga faqat ixtiyoriy ravishda ruxsat beriladi, u muntazam bo‘lmasligi va haftasiga 12 soatdan oshmasligi kerak. Ishchilarga ish kuni davomida oqilona tanaffuslar va smenalar orasida yetarli dam olish vaqti berilishi kerak. Ta’minotchilar barcha xodimlarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishlari, shuningdek, ishchilarni ham rahbarlar, ham hamkasblar tomonidan boʻlayotgan jismoniy, og‘zaki, jinsiy yoki psixologik zo‘ravonlik, tajovuz yoki tahdidlarning har qanday shaklidan himoya qilishlari shart.

5. Ekologiya va xavfsizlik masalalari:

QNET o‘z faoliyatini atrof-muhitni hurmat qilgan holda olib boradi va o‘z faoliyati, mahsulotlari hamda xizmatlarining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirishga intiladi. Biz Ta’minotchilarimizdan ham xuddi shunday munosabatni kutamiz. Ta’minotchilar o’z ishlarining ekologik jihatlarini faol ravishda boshqarishlari, mas’uliyatli yondashuvni qo‘llashlari va barcha amaldagi ekologik qonunlar va qoidalarga qat’iy rioya qilishlari kerak. Ta’minotchi yozma ravishda atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatini tayyorlashi kerak. Bunday siyosat uning faoliyati ko’lami va xususiyatiga mos kelishi kerak. To‘liq formatda u CO₂ chiqindilari, chiqindilarni yo‘q qilish, energiya iste’moli, yog‘och va qog‘ozdan foydalanish masalalarini qamrab olishi kerak. Ta’minotchilarda mahalliy hamjamiyatga ta’sir qilishi yoki atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarishdagi sogʻliq uchun tahdidlar, baxtsiz hodisalar oqibatlarini samarali oldini olish va bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish rejalari boʻlishi shart. Shuningdek, Ta’minotchilar umuman ekologik ko‘rsatkichlarida doimiy yaxshilanishni namoyish etishlari kerak.

6. Kompaniya Mahsulotlari:

Mahsulotlarimizni ishlab chiqarishda biz ekologik tamoyillarga mos keladigan tarkiblardan foydalanishga intilamiz: tabiiy, qayta ishlanadigan materialdan tayyorlangan va atrof-muhit uchun xavfsiz. Mahsulotlarni loyihalash, ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazishda Ta’minotchilar kerakli ehtiyotkorlikka rioya qilishlari shart. Bu insonlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazuvchi nuqsonlarning oldini olish uchun zarur.

7. Halollik va korrupsiyaga qarshi siyosat:

Ta’minotchilar o’z faoliyatini halol va vijdonan amalga oshirishlari, biznes axloqining eng yuqori standartlariga rioya qilishlari shart. Ta’minotchilarga korrupsion harakatlarda, pora berishda yoki boshqa har qanday noqonuniy va noaxloqiy harakatlarda ishtirok etish qat’iyan taqiqlanadi — bu davlat mansabdor shaxslari (har qanday darajadagi xodimlar yoki rahbarlar, davlat korxonalari xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, siyosiy arboblar yoki nomzodlar, shuningdek ularning nomidan harakat qiluvchi shaxslar), siyosiy partiyalar yoki xususiy shaxslar bilan munosabatlarda ham amal qiladi. Buning ostida noqonuniy yoki asossiz ustunlikka erishish maqsadida pul mablag‘lari yoki boshqa moddiy boyliklarni bevosita yoki bilvosita taklif qilish, va’da berish, topshirish yoki ularning topshirilishini ma’qullash tushuniladi. Shuningdek, bu Ta’minotchi bilan QNET, uning sho‘ba korxonalari, hamkorlari, filiallari yoki boshqa kompaniyalar va xususiy shaxslar o‘rtasidagi har qanday noaxloqiy faoliyat shakllarini yoki kelishuvlarni ham o‘z ichiga oladi.

8. Sovg‘alar, mehmondo‘stlik, ko‘ngilochar tadbirlar va boshqa e'tiborni ifodalovchi holatlar:

QNET xodimlari Ta’minotchilar bilan sovg‘alar almashishlari, ularni tushlikka yoki tadbirlarga taklif etishlari va boshqa e’tibor ifodalarini ko‘rsatishlariga faqatgina ular mantiqan asosli, kamdan-kam hollarda va qiymati jihatidan kichik bo‘lganda, shuningdek, mahalliy qonunchilik, urf-odatlar va ishbilarmonlik amaliyotiga mos bo‘lganda ruxsat etiladi. Alohida hollarda QNET xodimlari uchun bunday e’tibor ifodalarining qiymatiga doir cheklovlar belgilanishi mumkin. Har qanday holatda ham QNET xodimlari qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi yoki shunday taassurot uyg‘otishi mumkin bo‘lgan bunday harakatlarni taklif etmasliklari yoki qabul qilmasliklari lozim. Naqd pul berish yoki qabul qilish qat’iyan man etiladi. Ta’minotchilar ushbu cheklovlarni hurmat qilishlari va ularga qat’iy rioya qilishlari shart.

9. Manfaatlar to‘qnashuvi:

QNET xodimlari o‘z vazifalarini bajarishda faqat kompaniya manfaati uchun harakat qilishlari shart. Ularda Ta’minotchilar bilan QNET manfaatlari yo‘lida ishlash majburiyatiga zid bo‘lishi yoki hatto bunday ziddiyat taassurotini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan (moliyaviy yoki boshqa) munosabatlar bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, Ta’minotchilarga hamkorlik doirasida o‘zaro aloqada bo‘lgan har qanday QNET xodimi bilan moliyaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi. Ta’minotchilar QNET xodimlari bilan bo‘lgan har qanday shaxsiy munosabatlar ularning ishbilarmonlik qarorlariga ta’sir ko‘rsatish uchun ishlatilmasligini kuzatib borishlari kerak. Agar ta’minotchining QNET xodimi bilan manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan oilaviy yoki boshqa aloqalari mavjud bo‘lsa, u bu haqda kompaniyaga xabar berishi yoki QNET xodimi buni o‘zi ma’lum qilganligiga ishonch hosil qilishi shart.

10. Biznes hujjatlarining ishonchliligi:

Ta’minotchilar faktlarni yashirmasdan, ma’lumotlarni buzmasdan va soxta yozuvlar kiritmasdan, hisob-kitobni aniq va halol yuritishlari hamda ma’lumotlarni to‘g‘ri taqdim etishlari shart. Barcha buxgalteriya va boshqa hujjatlar, jumladan, hisob kitob daftarlari, yozuvlar va hisoblar barcha operatsiyalar, to‘lovlar va voqealarni ishonchli tarzda aks ettirishi, buxgalteriya hisobi bo‘yicha umumqabul qilingan tamoyillarga muvofiq bo‘lishi, tegishli ichki nazoratni ta’minlashi hamda amaldagi qonunlar va me’yoriy talablarga to‘liq mos kelishi kerak.

11. Aktivlar va ma’lumotlar

Ta’minotchilar QNET aktivlari va ma’lumotlarini himoya qilishlari shart. Agar Ta’minotchiga kompaniyaning moddiy yoki nomoddiy aktivlaridan foydalanish huquqi berilgan bo‘lsa, u bu aktivlardan faqat QNET tomonidan berilgan ruxsatga muvofiq va faqat kompaniya bilan hamkorlik maqsadlarida foydalanishi kerak. Agar Ta’minotchiga QNETning maxfiy ma’lumotlariga kirish huquqi berilgan bo‘lsa, u bu ma’lumotlarni QNET kompaniyasining rasmiy ruxsatisiz uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas. Agar ta’minotchi xatolik tufayli maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqini olgan bo‘lsa, u darhol QNETdagi o‘z aloqa vakilini xabardor qilishi va bunday ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishi shart. Ta’minotchilar shuningdek, QNET xodimlariga boshqa shaxslar yoki tashkilotlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmasliklari kerak, agar ular ushbu ma’lumotni maxfiy saqlash bo‘yicha shartnoma yoki huquqiy majburiyatga ega bo‘lsa.

12. Fikr-mulohazalar va qoidabuzarliklar haqida xabarlar:

Agar Ta’minotchilar QNET xodimi yoki kompaniya nomidan ish yuritayotgan har qanday shaxs noqonuniy yoki noto‘g‘ri xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan deb hisoblasalar, ular bu haqda QNET-ga xabar berishlari kerak. Ta’minotchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli xodimning rahbari bilan bog‘lanishlari yoki quyidagi manzil orqali Yuridik masalalar boʻyicha direktorga murojaat qilishlari mumkin: zaheer@qigroup.com. Mumkin bo‘lgan buzilish haqida halol va vijdonan xabar berish Ta’minotchi bilan QNET o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmaydi.